
Windows’dagi yashirin xavf: Eudcedit.exe orqali administratorlik huquqi qo‘lga olinmoqda
Kiberxavfsizlik tadqiqotlari Windows operatsion tizimidagi xavfli zaiflikni fosh qilishdi. Gap foydalanuvchilarga maxsus belgilar yaratish imkonini beruvchi eudcedit.exe (Private Character Editor) dasturi haqida ketmoqda. Bu oddiy vosita orqali foydalanuvchi ogohlantirilmasdan administrator huquqlari qo‘lga kiritilishi mumkin.
⚠️ Zaiflik nimada?
Eudcedit.exe — Windows tarkibida bo‘lib, C:\Windows\System32
papkasida joylashgan. Bu dastur odatda kamdan-kam ishlatiladi va foydalanuvchilarga o‘ziga xos belgilar yaratish imkonini beradi.
Ammo bu fayl ichida quyidagi xavfli sozlamalar mavjud:
<requestedExecutionLevel level="requireAdministrator" />
— dasturni har doim administrator sifatida ishga tushirishni buyuradi.<autoElevate>true</autoElevate>
— UAC ogohlantiruvini ko‘rsatmasdan avtomatik ko‘tarilish imkonini beradi.
Agar tizimda UAC sozlamalari “ogohlantirmasdan ko‘tar” holatida bo‘lsa, ushbu dastur hech qanday ogohlantirusiz administrator darajasida ishga tushadi.
Hujum qanday ishlaydi?
- Xaker yoki yomon niyatli foydalanuvchi eudcedit.exe dasturini ishga tushiradi.
- U dastur menyusidan «Font linking» funksiyasiga o‘tadi.
- Faylni saqlash oynasi ochiladi. Bu yerda fayl nomi o‘rniga PowerShell deb yoziladi.
- Natijada, tizim administrator huquqlariga ega PowerShell oynasini ishga tushiradi.
Bu esa xakerga tizim ustidan to‘liq nazorat beradi — hech qanday UAC ogohlantiruvisiz va foydalanuvchi roziligisiz!
Microsoft bu turdagi zaifliklarni odatda “funksional qulaylik” deb hisoblaydi, ya’ni UAC xavfsizlik devori emas, balki foydalanuvchi qulayligi uchun yaratilgan. Shuning uchun bu kabi UAC bypasslar uchun yamoq (patch) chiqarilishi ehtimoldan yiroq.
🛡 Qanday choralar ko‘rish kerak?
- UAC sozlamalarini qat’iylashtiring – “Always notify” rejimini yoqing.
- Har bir foydalanuvchiga administrator huquqini bermang.
- PowerShell faoliyatini monitoring qiling.
- Eudcedit.exe faolligini kuzating. Bu dastur ishlatilmasa-yu, ishga tushsa — bu shubhali holatdir.
Bir qarashda oddiy bo‘lib ko‘ringan eudcedit.exe kabi dasturlar, noto‘g‘ri sozlamalar bilan birga ishlaganda, butun tizim xavfsizligini xavf ostiga qo‘yadi.
Kiberxavfsizlikda eng katta tahdid — e’tiborsizlikdir.
Shuning uchun har bir tizim vositasi va ruxsatlarini chuqur tahlil qilish, sozlamalarni qat’iylashtirish va foydalanuvchilarni doimiy ogohlikda ushlab turish muhim.