Windows 11 yangilanish tekshiruvlarida yuzaga kelgan muammo bartaraf etildi

2025-yil iyun oyida Microsoft kompaniyasi Windows 11 foydalanuvchilari duch kelayotgan muhim muammoni hal etish uchun maxsus yangilanish — KB5062324 ni chiqardi. Bu muammo sababli ko‘plab foydalanuvchilar tizim yangilanishlarini tekshira olmayotgan edi.

Ko‘pchilik foydalanuvchilar Windows 11 operatsion tizimida yangilanishlarni tekshirishga harakat qilganda, tizim uzoq vaqt “tekshirilmoqda” degan holatda qolib ketayotganini sezgan. Bu holatda kompyuter hech qanday xabar bermaydi va yangilanishlar ham topilmaydi.

Bu muammo xavfli bo‘lishi mumkin, chunki foydalanuvchi o‘z vaqtida xavfsizlik yangilanishlarini ololmaydi, bu esa tizim zaifligini oshiradi.

Microsoft mutaxassislari tekshiruvlar natijasida muammo Windows tizimidagi maxsus xizmat — Windows Update Agent faoliyatidagi xatolik sabab yuzaga kelayotganini aniqladi. Bu xizmat yangilanishlarni Microsoft serverlaridan qidiradi va ularni o‘rnatadi. Ammo xizmatda ichki xotira muammolari va resurs to‘qnashuvlari tufayli u “osilib qolmoqda” — ya’ni ishlamay qolmoqda.

Agar sizda ham yangilanish tekshiruvi to‘xtab qolsa, quyidagilarni bajarishingiz mumkin:

  • Kompyuterni qayta yoqing (restart qiling) — bu muammo vaqtincha yo‘qoladi va yangilanishlarni tekshirishingiz mumkin bo‘ladi.

Lekin bu faqat vaqtinchalik yechim. Muammo qayta-qayta paydo bo‘lishi mumkin.

Microsoft tomonidan muammoni butunlay hal qiluvchi maxsus yangilanish — KB5062324 chiqarildi. Bu yangilanish Windows tizimidagi nosozliklarni to‘liq tuzatadi.

Agar siz bu yangilanishni hali o‘rnatmagan bo‘lsangiz, uni quyidagicha o‘rnatishingiz mumkin:

  1. Kompyuteringizda Sozlamalar (Settings) menyusiga kiring.
  2. Windows Update bo‘limiga o‘ting.
  3. «Eng so‘nggi yangilanishlarni tezroq olish (Get the latest updates as soon as they’re available)» degan tanlovni yoqing.
  4. Kompyuterni qayta yoqing.
  5. So‘ng, «Yangilanishlarni tekshirish (Check for updates)» tugmasini bosing va yangilanishni yuklab oling.

Shuningdek, Microsoft may oyida chiqqan KB5058499 yangilanishi ham bu muammoni hal qiluvchi tuzatmalarni o‘z ichiga oladi. Agar siz bu yangilanishni avval o‘rnatgan bo‘lsangiz, muammo sizda bo‘lmasligi mumkin.

Windows 11 foydalanuvchilari uchun juda muhim bo‘lgan bu yangilanish kompyuteringiz xavfsizligi va barqaror ishlashi uchun zarurdir. Microsoftning fikriga ko‘ra, hozircha bu yangilanish bilan bog‘liq hech qanday muvofiqlik muammolari kuzatilmagan.

Shuning uchun, agar sizning kompyuteringiz yangilanishlarni tekshirmasa yoki «osilib» qolsa — KB5062324 ni imkon qadar tezroq o‘rnating!