VMware Aria Operations’dagi zaiflikdan qanday himoyalanish mumkin?

VMware kompaniyasi o‘zining Aria Operations platformasida aniqlangan jiddiy xavfsizlik muammosi haqida ogohlantirdi. CVE-2025-22231 raqamli ushbu zaiflik tizimdagi imtiyozlarni oshirish imkonini beradi va tajovuzkorlarga root darajasida boshqaruv huquqlarini qo‘lga kiritish imkoniyatini taqdim etadi. VMware buni o‘ta muhim (Important) deb baholagan, xavfsizlik bo‘yicha mutaxassislar ushbu zaiflikka jiddiy e’tibor qaratish lozimligini ta’kidlamoqda.

Bu zaiflik VMware Aria Operations tizimida imtiyozlarni noto‘g‘ri boshqarish bilan bog‘liq. Tajovuzkorlar ushbu ekspluatatsiyadan foydalanib, dastlabki lokal administrator huquqlariga ega bo‘lgan foydalanuvchi sifatida tizimga kirib, keyinchalik root darajasiga chiqish imkoniyatiga ega bo‘lishadi. Buning natijasida:

  • Tizim ustidan to‘liq nazorat o‘rnatiladi – hujumchilar o‘z istaklariga ko‘ra buyruqlarni bajara olishadi.
  • Maxfiy ma’lumotlarga noqonuniy kirish – foydalanuvchi ma’lumotlari va muhim konfiguratsiya fayllari o‘g‘irlanishi mumkin.
  • Tizim ishlashiga putur yetkazish yoki zararli kod joylashtirish – hujum oqibatida xizmat ko‘rsatish to‘xtab qolishi yoki zararli dasturlar joylashtirilishi ehtimoli mavjud.
  • Tarmoq bo‘ylab tarqalish (lateral movement) – boshqa tizim va serverlarga hujum qilish uchun ushbu platformadan foydalanish mumkin.

Bu zaiflik ayniqsa VMware Cloud Foundation va Telco Cloud platformalarida ham kuzatilgan. Zaiflikdan foydalanish uchun tajovuzkor tizimga dastlabki kirish huquqiga ega bo‘lishi kerak, ammo u bunday ruxsatni fishing yoki buzilgan hisob ma’lumotlari orqali qo‘lga kiritishi mumkin.

Quyidagi VMware mahsulotlari ushbu zaiflikdan ta’sirlangan:

  • VMware Aria Operations 8.x (faqat 8.18 HF 5 yangilanishidan oldingi versiyalar)
  • VMware Cloud Foundation 5.x va 4.x
  • VMware Telco Cloud Platform 5.x, 4.x, 3.x
  • VMware Telco Cloud Infrastructure 3.x, 2.x

Mazkur zaiflikka qarshi hech qanday muqobil yechim mavjud emas, shuning uchun VMware kompaniyasi barcha administratorlarga darhol tizimlarini yangilashni tavsiya etmoqda. Himoya choralariga quyidagilar kiradi:

Rasmiy yangilanishni o‘rnatish – VMware 8.18 HF 5 versiyasi va undan keyingi versiyalarda ushbu zaiflik bartaraf etilgan. VMware Cloud Foundation foydalanuvchilari esa maxsus KB maqolasidagi (Knowledge Base) yangilanish yo‘riqnomasi asosida tizimlarini himoyalashi kerak.

Administrator hisoblarini tekshirish – hujum ehtimolini kamaytirish uchun lokal administrator huquqlariga ega bo‘lgan barcha hisoblarni tekshirish va shubhali faoliyatni kuzatish lozim.

Kirishni cheklash va monitoring qilishfaqat ishonchli foydalanuvchilarga boshqaruv interfeyslariga kirishga ruxsat berish va faol monitoring tizimlarini yo‘lga qo‘yish muhimdir.

Ikki bosqichli autentifikatsiyani (2FA) yoqish – hisob ma’lumotlari buzilganda ham, ikki bosqichli autentifikatsiya hujumchilar uchun qo‘shimcha to‘siq yaratadi.

Xavfsizlik siyosatini yangilashkam imtiyoz tamoyili (Principle of Least Privilege, PoLP) asosida faqat zarur huquqlarni taqdim etish, tizim xavfsizligini oshirishga yordam beradi.

CVE-2025-22231 zaifligi VMware tomonidan 7.8 ball bilan baholangan bo‘lsa-da, uning natijalari ancha jiddiy bo‘lishi mumkin. Agar hujumchi lokal administrator huquqlarini qo‘lga kiritsa, u to‘liq root darajasida tizimni boshqarishi mumkin bo‘ladi.

VMware mahsulotlari yirik korporatsiyalar, ma’lumot markazlari va telekommunikatsiya kompaniyalari tomonidan keng qo‘llaniladi. Shu sababli, ushbu zaiflikdan foydalanilgan hujumlar katta miqyosdagi buzilishlarga olib kelishi mumkin.

Hozircha zaiflikdan faol foydalanilganligi haqida xabar berilmagan, ammo tizimlaringizni yangilashni kechiktirish katta xatoga aylanishi mumkin.

🛑 Agar siz VMware Aria Operations yoki unga bog‘liq mahsulotlardan foydalansangiz, tizimingizni imkon qadar tezroq yangilang va himoya choralarini amalga oshiring!