
Millionlab saytlar xavf ostida: HTTP/1.1 protokolidagi zaiflik fosh etildi
Bugungi kunda internetdagi aksariyat veb-saytlar aynan HTTP/1.1 protokoli orqali ishlaydi. Ammo bu protokolda aniqlangan jiddiy zaiflik sababli butun dunyo bo‘ylab millionlab saytlar xakerlar hujumiga ochiq holatda turibdi.
Xavfsizlik tadqiqotchilari HTTP/1.1 protokolida so‘rov va javoblar chegarasi aniq belgilanmaganini aniqlashdi. Xakerlar aynan shu noaniqlikdan foydalanib, desinkronizatsiya hujumlarini amalga oshirishmoqda. Bu orqali:
- Foydalanuvchilar autentifikatsiya jarayonida chalkashlik sabab begona akkauntga kirish sodir bo‘ladi
- Saytga zararli JavaScript joylashtirish mumkin bo‘ladi,
- Parollar, kartalar raqami kabi maxfiy ma’lumotlar o‘g‘irlanadi.
Oddiy qilib aytganda, xakerlar soxta HTTP so‘rovi orqali sayt ish faoliyatini chalg‘itib, tizimga kirib olishi mumkin.
HTTPS himoya qilmaydi!
Ko‘pchilik HTTPS bo‘lsa, hamma narsa xavfsiz deb o‘ylaydi. Ammo bu safar muammo shifrlashda emas — xavf protokolning o‘zida yashiringan. Ya’ni, HTTPS borligi himoya kafolati emas: xakerlar aynan shu zaiflikdan, hatto HTTPS orqali uzatilayotgan ma’lumotlar fonida ham foydalanishlari mumkin.
Yagona yechim – to‘liq HTTP/2’ga o‘tish
Bu zaiflikni butunlay bartaraf etishning yagona yo‘li — HTTP/2 protokoliga o‘tishdir. Chunki HTTP/2 aniq tuzilishga ega bo‘lib, har bir so‘rov va javobning chegarasini ravshan belgilaydi. Shu sababli, desinkronizatsiya (ya’ni so‘rovlarni aralashtirib yuborish) kabi hujumlarga imkon qoldirmaydi.
Ammo bu yerda muhim jihat bor: faqat foydalanuvchi (brauzer) bilan server orasida HTTP/2 ishlashining o‘zi yetarli emas. Server bilan uning orasidagi “teskari proksi” (reverse proxy) ham aynan HTTP/2 orqali muloqot qilishi shart. Aks holda, zaiflik saqlanib qolaveradi.
Muammo nimada?
Hozirda ko‘plab yirik internet xizmatlari — masalan, NGINX, Akamai, CloudFront va Fastly — hali ham HTTP/2’ni to‘liq qo‘llab-quvvatlamayapti, ayniqsa proksi server va asosiy server (backend) o‘rtasidagi aloqada. Shu sababli, millionlab saytlar hanuzgacha eski va zaif bo‘lgan HTTP/1.1 protokoliga tayanmoqda. Bu esa ularni xavfli hujumlarga ochiq qilib qo‘ymoqda.
Nima qilish kerak?
Agar kompaniyamiz tizimlarida hali ham HTTP/1.1 asosidagi aloqalar mavjud bo‘lsa, quyidagi tezkor choralarni ko‘rish muhim:
✅ Saytni xavfsizlikka tekshirish – bepul vositalar yordamida (masalan, Request Smuggler v3.0) zaifliklar aniqlansin.
✅ HTTP so‘rovlarini tekshirishni yoqish – noto‘g‘ri va zararli trafik avtomatik aniqlansin va bloklansin.
✅ Proksi-server optimizatsiyasi – xavfsizlikni oshirish uchun vaqtincha aloqa “takroran ishlatish” funksiyasi o‘chirilsin (tezlikka ta’sir qilishi mumkin).
HTTP/1.1 – o‘tgan asrda yaratilgan va o‘sha davr uchun juda qulay texnologiya edi. Ammo bugungi kunda aynan shu protokol millionlab saytlar uchun eng katta zaiflikka aylangan.
Kiberxavfsizlikda biror kichik e’tiborsizlik ertaga katta muammoga sabab bo‘lishi mumkin.
Agar sizning saytlaringiz, kompaniya yoki tashkilotingiz hali ham HTTP/1.1 asosida ishlayotgan bo‘lsa — bu ogohlantirishni jiddiy qabul qiling.
🔐 Texnologiyalar bilan birga rivojlaning. HTTP/2’ga o‘ting. Saytingizni zamonaviy tahdidlardan himoya qiling.