
IDOR zaifligi nima va qanday himoyalanish mumkin?
Bugungi kunda veb-ilovalar va onlayn platformalardagi xavfsizlik masalalari tobora dolzarb bo‘lib bormoqda. Shu jumladan, IDOR (Insecure Direct Object Reference) deb nomlanuvchi zaifliklar keng tarqalgan va jiddiy zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan muammolardan biridir. Oddiy so‘z bilan aytganda, IDOR — bu foydalanuvchining ruxsatsiz ma’lumotlarga kirish imkoniyatini beruvchi kamchilik bo‘lib, ko‘pincha noto‘g‘ri sozlangan ruxsatlar va xavfsizlik tekshiruvlarining yetishmasligi sabab yuzaga keladi.
IDOR qanday ishlaydi?
IDOR zaifligi odatda URL manzilidagi yoki veb-ilovaning boshqa parametrlaridagi identifikatorlarni o‘zgartirish orqali ekspluatatsiya qilinadi. Misol tariqasida, bir universitet talabasining shaxsiy kabinetidagi dars jadvali sahifasini olaylik:
https://example-university.com/Schedule?ID=000021156
Bu yerda 000021156 talabaning shaxsiy identifikatori hisoblanadi. Agar foydalanuvchi ushbu raqamni biroz o‘zgartirsa, masalan 000021157 deb belgilasa, tizim ruxsatni tekshirmasa, u boshqa talabaga tegishli ma’lumotlarni ko‘rishi mumkin. Shu tarzda, zaiflik exploatatsiya qilinib, foydalanuvchi nazorat qilinmagan ma’lumotlarga kirish huquqiga ega bo‘ladi.
IDOR kamchiliklari quyidagi shartlar mavjud bo‘lganda yuzaga keladi:
- Foydalanuvchi tomonidan so‘ralgan ma’lumotlarga ruxsatni tekshirish mexanizmi yetarli emas.
- Ma’lumotlar bazasi identifikator asosida ishlaydi va bu identifikatorlar oson aniqlanadigan formatda bo‘ladi.
- Ilova yoki veb-sahifada identifikatorlar foydalanuvchiga bevosita ko‘rinadigan holatda bo‘ladi.
IDOR’ni qo‘llash imkoniyatlari
IDOR zaifliklari turlicha shakllarda ishlatilishi mumkin. Eng keng tarqalgan turlari:
- URL manipulyatsiyasi — eng sodda va tezkor usul. Foydalanuvchi URL manzilidagi parametrlarni o‘zgartirib, ruxsatsiz ma’lumotlarga kiradi.
- Forma ma’lumotlarini o‘zgartirish — POST so‘rovlaridagi yashirin parametrlar yoki formadagi qiymatlarni o‘zgartirib, boshqa foydalanuvchi ma’lumotlariga kirish.
- Cookie yoki JSON manipulyatsiyasi — server va mijoz o‘rtasidagi sessiya yoki foydalanuvchi identifikatorlarini o‘zgartirib zaiflikni ekspluatatsiya qilish.
- Path traversal (papkalarni chetlab o‘tish) — fayl tizimiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri kirish, konfiguratsiya fayllarini o‘qish yoki o‘zgartirish imkonini beradi.
IDOR zaifligi natijasida kompaniya yoki foydalanuvchilarning ma’lumotlari quyidagi jihatlarda xavf ostida bo‘ladi:
- Maxfiylik: ruxsatsiz foydalanuvchi shaxsiy yoki tijorat ma’lumotlarini ko‘rishi mumkin.
- Butunlik: zaiflik orqali ma’lumotlarni o‘zgartirish, masalan parol yoki moliyaviy ma’lumotlarni manipulyatsiya qilish mumkin.
- Mavjudlik: ba’zi hollarda resurslarni yo‘q qilish yoki ularni ishlamas holga keltirish imkoniyati paydo bo‘ladi.
IDOR’ni aniqlash usullari
IDOR zaifliklarini aniqlash uchun quyidagi usullar qo‘llaniladi:
- Brauzerning developer tools funksiyalari orqali parametrlarni tahlil qilish.
- Burp Suite yoki OWASP ZAP kabi xavfsizlik test vositalarini qo‘llash.
- Veb-ilovani audit qilish va xavfsizlik bo‘yicha pentest xizmatlarini jalb qilish.
- Foydalanuvchilardan va mustaqil tadqiqotchilardan zaifliklarni ochish dasturi orqali ma’lumot yig‘ish.
IDOR’ni oldini olish usullari
Zaiflikni bartaraf etishning bir nechta samarali yo‘llari mavjud:
- Kuchli ruxsat nazorati va sessiya boshqaruvi
Har bir foydalanuvchi so‘rovi tekshirilishi kerak: ma’lumotlarga kirish faqat ruxsat berilgan foydalanuvchilarga taqdim etilishi lozim. - To‘g‘ridan-to‘g‘ri havolalardan qochish
Ob’ektlarga kirishda identifikatorlarni yashirin yoki hashlangan ko‘rinishda ishlatish. Masalan, MD5 kabi oddiy hashlardan emas, balki salt bilan himoyalangan unikal hashlardan foydalanish. - GUID yoki tasodifiy identifikatorlar
Foydalanuvchi identifikatorlarini ketma-ket raqamlar emas, balki tasodifiy yoki global unikal identifikatorlar (GUID) orqali yaratish. Bu IDOR ekspluatatsiyasini qiyinlashtiradi. - Foydalanuvchi kiritgan ma’lumotlarni tekshirish
Parametrlar uzunligi, formati va qiymatini tekshirish orqali ruxsatsiz kirishning oldi olinadi. Tekshiruv serverda va zarur bo‘lsa, mijoz tomonida ham amalga oshirilishi mumkin.
IDOR zaifliklari ko‘plab veb-ilovalarda uchrab turadigan xavfli muammolardan biridir. Uning natijasi foydalanuvchi ma’lumotlarining maxfiyligi, butunligi va mavjudligini xavf ostiga qo‘yadi. Shu sababli, veb-dasturchilar va xavfsizlik mutaxassislari dastlabki bosqichdan boshlab, to‘g‘ri ruxsat nazorati, tasodifiy identifikatorlar, yashirin havolalar va foydalanuvchi kiritmalarini tekshirish kabi choralarni joriy qilishlari zarur.
Proaktiv yondashuv, muntazam audit va xavfsizlik testlari orqali IDOR kabi zaifliklar aniqlanib, ularning ekspluatatsiyasi oldi olinadi. Shu tarzda, sizning platformangiz xavfsizligi yanada mustahkam bo‘ladi va foydalanuvchilar ma’lumotlari himoyalangan bo‘ladi.



