«MyID O‘zbekiston.apk» nomli zararli dastur xavfi oshmoqda!

Bugungi kunda kiberjinoyatlar tobora avj olmoqda va xakerlar turli usullar orqali foydalanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlarini qo‘lga kiritishga harakat qilmoqda. So‘nggi paytlarda UZCERT xizmati olib borgan monitoring natijalariga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlar Instagram, Facebook hamda Telegram messenjerlarida «MyID O‘zbekiston.apk» nomli zararli dastur reklama qilinayotgani aniqlandi. Ushbu dastur orqali kiberjinoyatchilar foydalanuvchilarni o‘z tarmoqlariga jalb qilib, ularning shaxsiy va moliyaviy ma’lumotlarini o‘g‘irlashga harakat qilmoqdalar.

UZCERT mutaxassislari tomonidan olib borilgan tahlillar natijasida «MyID O‘zbekiston.apk» dasturi qurilmaga o‘rnatilganda, u foydalanuvchining shaxsiy ma’lumotlarini yashirin ravishda yig‘ishi va jo‘natishi mumkinligi aniqlandi. Xususan, quyidagi xavfli holatlar kuzatilmoqda:

Qurilmani to‘liq monitoring qilish: Dastur telefon yoki planshet ichidagi ma’lumotlarni kuzatib borishi mumkin.

Shaxsiy ma’lumotlarni o‘g‘irlash: Foydalanuvchilarning ismi, familiyasi, kontaktlari, xabar almashinuvlari va boshqa shaxsiy ma’lumotlari xakerlar qo‘liga tushishi mumkin.

Moliyaviy ma’lumotlarni qo‘lga kiritish: Bank kartalari ma’lumotlari, hisob raqamlari va elektron hamyonlarga bog‘liq shaxsiy ma’lumotlar ham xavf ostida qoladi.

Kiberjinoyatchilarning tuzog‘iga tushib qolmaslik uchun quyidagi choralarni ko‘rishingizni tavsiya qilamiz:

1️⃣ Tarmoqda reklama qilingan noma’lum dasturlarni yuklab olmang! – Agar dastur Play Market yoki App Store rasmiy platformalarida mavjud bo‘lmasa, uni yuklab olish tavsiya etilmaydi.

2️⃣ Ilovalar uchun ortiqcha ruxsat so‘rashiga e’tibor bering! – Agar dasturni o‘rnatish jarayonida u shubhali ruxsatlar (kontaktlar, SMS, mikrofon, kamera, GPS ma’lumotlari va hokazo) so‘rasa, darhol o‘rnatish jarayonini bekor qiling.

3️⃣ Telefoningizni va dasturiy ta’minotingizni yangilab boring! – Yangilangan operatsion tizim va antivirus dasturlari zararli dasturlarni o‘z vaqtida aniqlashga yordam beradi.

4️⃣ Shubhali havolalarga kirmang va noma’lum manbalardan dastur yuklab olmang! – Ko‘pincha zararli dasturlar phishing (firibgarlik) sahifalar orqali tarqatiladi.

5️⃣ Antivirus dasturlaridan foydalaning! – Ishonchli antivirus ilovalari zararli dasturlarni aniqlab, qurilmangizni himoya qiladi.

Agar siz yoki yaqinlaringiz ushbu dasturdan foydalanib bo‘lgan bo‘lsa, qurilmangizni zudlik bilan tekshirish, barcha muhim parollarni o‘zgartirish va antivirus dasturi yordamida tizimni skanerlash tavsiya etiladi.

Bugungi kunda internet va raqamli xizmatlar hayotimizning ajralmas qismiga aylanib bormoqda. Shu sababli, kiberxavfsizlik masalalariga jiddiy yondashish va har qanday shubhali faoliyatga nisbatan ehtiyot bo‘lish muhim ahamiyatga ega. «MyID O‘zbekiston.apk» kabi zararli dasturlarning tarqalishi kiberjinoyatchilarning faolligini yana bir bor tasdiqlaydi.

Har bir fuqaro o‘z ma’lumotlari xavfsizligini ta’minlash uchun yuqorida keltirilgan tavsiyalarga amal qilishi va internetda hushyor bo‘lishi lozim!

UZCERT rasmiy sayti va ijtimoiy tarmoqlari orqali yangiliklarni kuzatib boring va xavfsizligingizni ta’minlang!

Skip to content