n8n’dagi xavfli zaiflik: oddiy workflow orqali serverni egallash mumkin

Avtomatlashtirish uchun keng qo‘llaniladigan n8n platformasida aniqlangan yangi kritik zaiflik jiddiy xavf tug‘dirmoqda. Ushbu nuqson sababli tizimga kirish huquqiga ega bo‘lgan foydalanuvchi maxsus tayyorlangan workflow yordamida serverda istalgan tizim buyruqlarini bajarishi mumkin.

Bu degani — hujumchi n8n o‘rnatilgan serverni to‘liq nazoratiga olishi, ichki tarmoqqa kirib borishi va maxfiy ma’lumotlarni o‘g‘irlashi mumkin.

Muammo nimada?

n8n workflow’larda ma’lumotlarni qayta ishlash uchun expression (ifoda) funksiyasidan foydalanadi. Bu juda qulay mexanizm, lekin aynan shu joyda xavfsizlik kamchiligi mavjud.

Workflow yaratish yoki tahrirlash huquqiga ega foydalanuvchi parametr ichiga zararli ifoda yozishi mumkin. n8n bu ifodani tekshirmasdan bajaradi va natijada:

n8n himoyalangan muhitdan chiqib ketadi va operatsion tizim buyruqlarini ishga tushiradi.

Bu nimaga olib keladi?

Agar n8n sizning serveringizda (self-hosted) ishlayotgan bo‘lsa, hujumchi quyidagilarga erishishi mumkin:

  • Serverni to‘liq egallash
  • Ichki tarmoqqa kirish (lateral movement)
  • API kalitlar, tokenlar, login-parollarni qo‘lga kiritish
  • Serverga zararli dasturlar o‘rnatish

Eng xavflisi — bu ishni qilish uchun murakkab ekspluatatsiya talab etilmaydi. Shunchaki zararli workflow ishga tushirilsa kifoya.

Qaysi versiyalarda tuzatildi?

Muammo quyidagi versiyalarda bartaraf etilgan:

  • v1.123.17
  • v2.5.2

Agar siz eski versiyadan foydalansangiz, tizimingiz xavf ostida.

Nima qilish kerak?

Zudlik bilan:

  1. n8n’ni yangilangan versiyaga o‘tkazing
  2. Workflow yaratish huquqlarini cheklang
  3. n8n xizmatini minimal ruxsatlar bilan ishga tushiring
  4. Loglarni tekshirib boring (n8n’dan kelayotgan shubhali buyruqlarni kuzating)
  5. n8n serverini tarmoqdan izolyatsiya qiling

n8n kabi avtomatlashtirish vositalari ko‘pincha xavfsiz deb qaraladi. Ammo ushbu zaiflik shuni ko‘rsatdiki, workflow mexanizmi ham hujumchilar uchun kuchli qurolga aylanishi mumkin.

Agar vaqtida yangilanmasa, oddiy avtomatlashtirish platformasi butun server infratuzilmasini xavf ostiga qo‘yadi.