2024-yilda O‘zbekistonda kiberjinoyatchilar tomonidan eng ko‘p ishlatilgan login va parollar

Bugungi kunda kiberxavfsizlik masalasi nafaqat IT sohasida, balki har bir foydalanuvchining kundalik hayotida ham dolzarb mavzulardan biriga aylangan. Xususan, O‘zbekistonda 2024-yil davomida aniqlangan statistik ma’lumotlar shuni ko‘rsatdiki, kiberjinoyatchilar tomonidan eng ko‘p foydalanilgan login va parollar ro‘yxati xavfsizlik borasida ko‘plab muammolar mavjudligini ochib berdi.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, foydalanuvchilarning e’tiborsizligi tufayli juda oddiy va bashorat qilish oson bo‘lgan login va parollardan foydalanish kiberjinoyatchilarga sezilarli imkoniyatlar yaratgan. Quyida keltirilgan raqamlar buning yaqqol tasdig‘idir:

  • Foydalanuvchi nomlari orasida:
    • “root” foydalanuvchi nomi 4 619 410 marta ishlatishga urinish bo‘lgan.
    • “sa” foydalanuvchi nomi esa 323 331 marta ishlatilgan.
    • “admin” va “test” kabi foydalanuvchi nomlari ham kiberjinoyatchilar orasida ommabop bo‘lib qolmoqda.
  • Parollarning eng xavflilari:
    • “123456” paroli 397 337 marta ishlatilgan bo‘lsa,
    • “345gs5662d34” paroli 260 494 marta,
    • “empty” (ya’ni parolsiz qoldirilgan) holatlar esa 116 736 marta kuzatilgan.

2024-yilda O‘zbekistonda kiberjinoyatchilar tomonidan eng ko‘p ishlatilgan login va parollar

Oddiy va taxmin qilish oson bo‘lgan login va parollarni qo‘llash nafaqat shaxsiy ma’lumotlaringizni, balki butun tizimingizni xavf ostida qoldiradi. Zero, bu kabi zaifliklar kiberjinoyatchilarga tizimga noqonuniy kirish, ma’lumotlarni o‘g‘irlash yoki zararli dasturlarni o‘rnatish imkoniyatini beradi.

Masalan, yuqorida qayd etilgan “zero-click” uslubidagi hujumlar (foydalanuvchi harakati talab etilmaydigan hujumlar) faqat oddiy parolga ega bo‘lgan tizimlar orqali oson amalga oshiriladi.

Shaxsiy va korporativ ma’lumotlaringizni himoya qilish uchun quyidagi xavfsizlik choralariga rioya qilish tavsiya etiladi:

  1. Kuchli parollardan foydalaning. Oddiy so‘zlardan, ketma-ket raqamlardan iborat parollardan qoching. Buning o‘rniga katta va kichik harflar, raqamlar va maxsus belgilarni o‘z ichiga olgan murakkab parollarni tanlang.
  2. Parol menejeridan foydalaning. Parollarni yodlash qiyin bo‘lsa, maxsus dasturlar yordamida ularni xavfsiz saqlash mumkin.
  3. Ikki faktorli autentifikatsiyani yoqing. Bu usul foydalanuvchining tizimga kirish vaqtida qo‘shimcha tasdiqlashni talab qiladi.
  4. Tizimni muntazam yangilang. Yangilanishlar kiberxavfsizlikning eng muhim qismidir, chunki ular zaifliklarni bartaraf etadi.
  5. Tizimni monitoring qilishni yo‘lga qo‘ying. Ma’lumotlar bazasida yoki tarmoqda g‘ayritabiiy faoliyatni kuzatib borish orqali xavfning oldini olish mumkin.

2024-yilda aniqlangan login va parollar ro‘yxatidan shuni bilish mumkinki foydalanuvchilarning e’tiborsizligi va xavfsizlik choralariga yetarlicha rioya qilmasligi natijasida kiberjinoyatchilar uchun keng imkoniyatlar paydo bo‘lmoqda.

Himoyalangan tizim – bu faqat texnologik vositalarning emas, balki foydalanuvchining ham mas’uliyatli yondashuvi natijasidir. Shunday ekan, har bir foydalanuvchi o‘z ma’lumotlarini himoya qilishga jiddiy yondashishi lozim.

Skip to content